Meta odamlarga bir-biri bilan aloqa oʻrnatish, hamjamiyatlar tuzish va kompaniyalarni rivojlantirish imkonini beruvchi texnologiyalar va xizmatlarni yaratadi. Bu Xizmat shartlari (“Shartlar”) Facebook, Messenger va biz taklif qiladigan boshqa mahsulotlar, veb-saytlar, funksiyalar, ilovalar, xizmatlar, texnologiyalar va dasturiy taʼminotdan (Meta mahsulotlar yoki Mahsulotlar), foydalanishingizni tartibga soladi, alohida shartlar (bu shartlar emas) qoʻllanilishi aniq koʻrsatilgan hollar bundan mustasno. (Masalan, Instagramʼdan foydalanishingiz Instagram Foydalanish shartlari bilan tartibga solinadi). Bu Mahsulotlar sizga Meta Platforms, Inc. tomonidan taqdim etiladi. Shu sababli, ushbu Shartlar siz va Meta Platforms, Inc. o‘rtasidagi kelishuvni tashkil qiladi. Agar ushbu Shartlarga rozilik bermasangiz, Facebook yoki ushbu Shartlar bilan qamrab olingan boshqa mahsulot va xizmatlarga kirmang yoki ulardan foydalanmang.
Bu Shartlar (ilgari “Huquqlar va majburiyatlar haqida qoidalar” deb nomlangan) siz va Meta Platforms, Inc. oʻrtasida Mahsulotlarimizdan foydalanishingizga nisbatan toʻliq kelishuv hisoblanadi. Bu Shartlar bundan avvalgi har qanday kelishuvni bekor qiladi.
Agar boshqacha koʻrsatilmagan boʻlsa, biz Facebook yoki bu Shartlarda nazarda tutilgan boshqa mahsulot va xizmatlardan foydalanganingiz uchun sizdan haq olmaymiz. Buning oʻrniga kompaniyalar, tashkilotlar va boshqa shaxslar sizga oʻz mahsulotlari va xizmatlari haqida reklama koʻrsatish uchun bizga pul toʻlaydi. Mahsulotlarimizdan foydalanish orqali, biz siz uchun aloqador va qiziqarli boʻlishi mumkin, deb hisoblagan reklamalarni sizga koʻrsatishimizga rozilik bildirasiz. Sizga qaysi moslashtirilgan reklamalarni koʻrsatishni aniqlash uchun shaxsiy maʼlumotlaringizdan foydalanamiz.
Biz shaxsiy maʼlumotlaringizni reklama beruvchilarga sotmaymiz, shuningdek, bizga maxsus tarzda ruxsat bermagan boʻlsangiz, bevosita shaxsingizni aniqlovchi maʼlumotlarni (masalan, ismingiz, email manzilingiz yoki boshqa kontakt maʼlumotingiz) reklama beruvchilarga ulashmaymiz. Buning oʻrniga, reklama beruvchilar oʻz reklamalarini qanday turdagi auditoriyaga koʻrsatmoqchi ekani kabi maʼlumotlarni bizga aytadi va biz bu reklamalarni ularga qiziqishi mumkin boʻlgan odamlarga koʻrsatamiz. Biz reklama beruvchilarga reklamalarining samaradorlik koʻrsatkichlari haqidagi hisobotlarni taqdim etamiz, bu hisobotlar reklama beruvchilarga odamlar ularning kontenti bilan qanday munosabatga kirishayotganini tushunishda yordam beradi. Bu shartlar asosida moslashtirilgan reklamalar Meta mahsulotlarida qanday ishlashi haqida batafsil maʼlumot olish uchun quyidagi 2-boʻlimga qarang.
Maxfiylik siyosatida siz koʻradigan reklamalarni tanlash va quyida tasvirlangan barcha boshqa xizmatlarni taqdim etish uchun shaxsiy maʼlumotlaringizni qanday toʻplashimiz va ishlatishimiz tushuntirilgan. Shuningdek, istalgan vaqtda tegishli Meta mahsulotining sozlamalar sahifasiga kirib, maʼlumotlaringizdan qanday foydalanishimizga oid maxfiylik sozlamalarini oʻzgartirishingiz mumkin.
Bizning oliy maqsadimiz insonlarga hamjamiyat qurish imkonini berish va dunyoning turli burchagidagi odamlarni bir-biri bilan yaqinlashtirishdir. Bu maqsadni amalga oshirish uchun biz sizga quyida tasvirlangan Mahsulot va xizmatlarni taqdim etamiz:
1.1 Sizga moslashtirilgan tajriba taqdim etish:
Sizning Facebookdagi tajribangiz boshqalarnikidan farqlidir: Facebook tasmasi va video platformamizda siz koʻradigan postlar, hikoyalar, reklamalar va boshqa kontentdan tortib, siz kuzatadigan Facebook sahifalari va Facebook Marketplace hamda qidiruv kabi ishlatishingiz mumkin boʻlgan boshqa funksiyalargacha. Masalan, tajribangizni moslashtirish uchun kontaktlaringiz, siz tanlaydigan parametr va sozlamalar, Mahsulotlarimizda va ulardan tashqarida siz ulashadigan kontent haqidagi axborotdan foydalanamiz.
1.2 Sizni siz uchun muhim boʻlgan odamlar va tashkilotlar bilan bogʻlash:
Biz siz foydalanadigan Meta mahsulotlarida siz uchun ahamiyatli boʻlgan odamlar, guruhlar, kompaniyalar, tashkilotlar va boshqalarni topish va ular bilan aloqa oʻrnatishingizga yordam beramiz. Biz siz va boshqalar uchun tavsiyalar berish, masalan, qoʻshilish uchun guruhlar, qatnashish uchun tadbirlar, kuzatish yoki xabar yuborish uchun Facebook sahifalari, tomosha qilish uchun shoular va doʻstlashish uchun odamlarni tavsiya qilish maqsadida maʼlumotlardan foydalanamiz. Kuchli aloqalar yanada yaxshi hamjamiyatlarni yaratadi va biz xizmatlarimiz odamlarning oʻzlari uchun muhim odamlar, guruhlar va tashkilotlar bilan aloqa oʻrnatishida eng foydali vosita ekaniga ishonamiz.
1.3 Oʻzingizni ifoda etish va siz uchun muhim masalalar haqida gapirishingizga imkoniyatlarni kengaytirish:
Facebookda doʻstlar, oila aʼzolari va siz uchun muhim boʻlgan boshqa shaxslar bilan muloqot qilish maqsadida oʻzingizni ifoda etishning koʻplab usullari mavjud. Meta mahsulotlarida statusni yangilash, rasmlar, videolar va hikoyalar ulashish (sozlamalaringizga muvofiq tarzda), biror doʻst yoki bir nechta kishiga xabar yuborish yoki ovozli yoxud video chaqiruvlar qilish, tadbir yoki guruhlar yaratish, profilingizga kontent qoʻshish, shuningdek, boshqalar kontentingiz bilan qanday munosabatga kirishayotganini sizga koʻrsatish bunga misol boʻladi. Bundan tashqari, Meta mahsulotlarida yanada mazmunli va jozibali kontent yaratish va ulashishni taʼminlash maqsadida odamlar uchun boyitilgan reallik va 360 video kabi yangi texnologiyalardan foydalanishning yangi usullarini ishlab chiqdik va ularni tadqiq qilishda davom etamiz.
1.4 Sizni qiziqtirishi mumkin boʻlgan kontent, mahsulotlar va xizmatlarni topishingizga yordam berish:
Biz Facebook va Meta mahsulotlaridan foydalanuvchi koʻplab kompaniya va tashkilotlar tomonidan taklif qilinadigan xizmatlar, mahsulotlar va kontentni topishingizga yordam berish maqsadida sizga moslashtirilgan reklamalar, takliflar va boshqa tijoriy va reklama kontentini koʻrsatamiz. Quyidagi 2-boʻlimda bu haqida batafsilroq maʼlumot berilgan.
1.5 Xizmatlarimizning xavfsizligi, himoyasi va yaxlitligini taʼminlash, zararli xatti-harakatlarga qarshi kurashish va foydalanuvchilar hamjamiyatinini himoya qilish:
Odamlar faqat oʻzlarini xavfsiz va himoyalangan his qilsagina, Meta mahsulotlarida hamjamiyat quradi. Biz Mahsulot va xizmatlarimizning xavfsizligini (jumladan, mavjudligi, haqiqiyligi, yaxlitligi va maxfiyligini) taʼminlash ustida qattiq ishlaymiz. Mahsulotlarimizning suisteʼmol qilinishi, boshqalarga zarar yetkazuvchi xatti-harakatlar ehtimolini aniqlash hamda hamjamiyatimizni dastaklash yoki himoya qilish, jumladan, foydalanuvchilarning qoidalarni buzuvchi kontent haqidagi shikoyatlariga javob berish uchun biz butun boʻylab maxsus guruhlarni ishga solamiz, tashqi xizmat provayderlari, hamkorlar va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ishlaymiz hamda ilgʻor texnik tizimlarni ishlab chiqamiz. Agar bu kabi kontent yoki xatti-harakatdan xabar topsak, holatni baholash asosida tegishli choralarni koʻrishimiz, jumladan, sizni xabardor qilamiz, yordam taklif qilamiz, kontentni olib tashlaymiz yoki muayyan xususiyatlarni olib tashlaymiz yoki ularga kirish imkoniyatini cheklaymiz, hisobni faolsizlantiramiz yoki huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishimiz mumkin. Mahsulotlarimizning biridan foydalanuvchi biror kishi nomaqbul yoki zararli harakatni amalga oshirganini aniqlasak yoki Meta mahsulotlari, foydalanuvchilar va hamjamiyat xavfsizligini taʼminlash uchun Meta kompaniyalariga maʼlumotlarini ulashamiz. Masalan, moliyaviy mahsulot va xizmatlarni taqdim etuvchi Meta kompaniyalariga xavfsizlik, himoya, halollikni taʼminlash va amaldagi qonunlarga rioya qilishda yordam berish uchun ularga maʼlumot ulashishimiz mumkin. Agar Meta oqilona tarzda vaziyat shuni talab etadi deb hisoblasa yoki qonunchilikda bunga ruxsat etilgan boʻlsa, u siz haqingizda oʻzi toʻplaydigan har qanday maʼlumotlarga kirishi, ularni saqlashi, ishlatishi va ulashishi mumkin. Batafsil maʼlumot uchun Maxfiylik siyosati bilan tanishing.
Ayrim hollarda, Mustaqil nazorat kengashi oʻz shartlari va ichki tartib-qoidalari asosida qarorlarimizni koʻrib chiqishi mumkin. Batafsil.
1.6 Barcha uchun xavfsiz va funksional xizmatlarni taqdim etish maqsadida ilgʻor texnologiyalardan foydalanish va ularni ishlab chiqish:
Biz odamlar, jismoniy qobiliyat yoki geografik joylashuvdan qatʼi nazar, Mahsulotlarimizdan xavfsiz tarzda foydalana olishi uchun sunʼiy intellekt, mashinaviy oʻrganish tizimlari va boyitilgan reallik kabi ilgʻor texnologiyalarni ishlatamiz va ishlab chiqamiz. Masalan, bu kabi texnologiyalar koʻrish qobiliyati buzilgan insonlarga Facebook yoki Instagramda ulashilgan surat va videolarda kim yoki nima aks etganini tushunishga yordam beradi. Shuningdek, internetdan foydalanish imkoniyati cheklangan hududlarda koʻproq odamlarning internetga ulanishiga yordam berish maqsadida murakkab tarmoq va kommunikatsiya texnologiyalarini ham quramiz. Bundan tashqari, biz hamjamiyatimiz va Mahsulotlarimiz yaxlitligini zararlashi mumkin boʻlgan, qoidalarga zid yoki xavfli harakatlarni aniqlash hamda olib tashlash salohiyatimizni yaxshilash uchun avtomatik tizimlarni ishlab chiqamiz.
1.7 Xizmatlarimiz sifatini yaxshilash usullarini tadqiq qilish:
Biz Mahsulotlarimizni ishlab chiqish, sinovdan oʻtkazish va yaxshilash uchun tadqiqotlar bilan shugʻullanamiz. Bu foydalanuvchilarimiz haqida bizda mavjud maʼlumotlarni tahlil qilish va soʻrovnomalar oʻtkazish orqali odamlar Mahsulotlarimizdan qanday foydalanishini tushunish, shuningdek, yangi xususiyatlari sinash va ularga oid nosozliklarni tuzatishni oʻz ichiga oladi. Maxfiylik siyosatimizda xizmatlarimizni ishlab chiqish va yaxshilashga qaratilgan bu tadqiqotlarni dastaklash uchun maʼlumotlardan qanday foydalanishimiz tushuntirilgan.
1.8 Meta kompaniyalari mahsulotlarida izchil va uzluksiz tajribani taʼminlash:
Mahsulotlarimiz siz uchun ahamiyatli boʻlgan odamlar, guruhlar, kompaniyalar, tashkilotlar va boshqalarni topish va ular bilan aloqa oʻrnatishingizga yordam beradi. Tizimlarimizni siz ishlatadigan turli Meta kompaniyasi mahsulotlarida izchil va uzluksiz tajribani taʼminlaydigan tarzda loyihalashtiramiz. Masalan, siz Facebookda muloqotga kirishadigan insonlar haqidagi maʼlumotlardan Instagram va Messengerda shu insonlar bilan aloqa oʻrnatishingizni osonlashtirish uchun foydalanamiz va sizga siz Facebookda kuzatadigan kompaniya bilan Messenger orqali muloqot qilish imkonini beramiz.
1.9 Xizmatlarimizdan foydalanish imkoniyatini taʼminlash:
Global xizmatlarimizni boshqarish va sizga butun dunyodagi odamlar bilan muloqot qilish imkonini berish uchun biz kontent va maʼlumotlarni dunyo boʻylab axborot markazlari, hamkorlar, xizmat provayderlari, taʼminotchilar va tizimlarga (bular siz yashaydigan mamlakatdan tashqarida boʻlishi ham mumkin) uzatishimiz, tarqatishimiz va saqlashimiz kerak. Xizmatlarimizni taqdim etish uchun bu global infratuzilmadan foydalanish zarur va muhimdir. Bu infratuzilmaga Meta Platforms, Inc., Meta Platforms Ireland Limited yoki uning filiallari egalik qilishi, uni boshqarishi yoki nazorat qilishi mumkin.
2. Xizmatlarimiz qanday moliyalashtiriladi
Siz Facebook va biz taklif qiladigan boshqa mahsulot hamda xizmatlar uchun haq toʻlamaysiz. Buning oʻrniga, bu Shartlarda nazarda tutilgan Meta mahsulotlaridan foydalanish orqali, siz moslashtirilgan reklamalar, shuningdek, boshqa tijoriy va reklama kontentini sizga koʻrsatishimizga rozilik bildirasiz. Oʻz navbatida kompaniya va tashkilotlar bunday reklamalar va kontentni Meta kompaniyasi mahsulotlarida va ulardan tashqarida targʻib qilish uchun bizga haq toʻlaydi. Biz sizga moslashtirilgan reklamalar va aloqador boʻlishi mumkin boʻlgan reklama kontentini koʻrsatish uchun shaxsiy maʼlumotlaringizdan, masalan, harakatlaringiz va qiziqishlaringiz haqidagi axborotdan foydalanamiz.
Moslashtirilgan reklama tizimini ishlab chiqishda insonlar maxfiyligini himoya qilish birinchi darajali masala sifatida hisobga olingan. Bu reklama beruvchilarga shaxsingizni oshkor qilmasdan turib, sizga aloqador va foydali reklamalarni koʻrsatishimiz mumkinligini anglatadi. Biz shaxsiy maʼlumotlaringizni sotmaymiz. Reklama beruvchilar biznesining maqsadi va ular reklamasini koʻrsatishni xohlaydigan auditoriya turi (masalan, velosipedda uchishni yoqtiradigan 18-35 yoshli foydalanuvchilar) kabi maʼlumotlarni bizga aytadi. Shundan keyin, biz ularning reklamasini bu reklamaga qiziqishi mumkin boʻlgan foydalanuvchilarga koʻrsatamiz.
Biz, shuningdek, reklama beruvchilarga reklamalarining samaradorligi haqidagi hisobotlarni ham taqdim qilamiz, bu hisobotlar reklama beruvchilarga odamlar Meta mahsulotlarida va ulardan tashqarida ularning kontenti bilan qanday munosabatga kirishayotganini tushunishga yordam beradi. Masalan, reklama beruvchilar oʻz auditoriyasini yaxshiroq tushunishi uchun ularga umumiy demografik va qiziqishlarga oid axborotni (misol uchun, Madridda yashaydigan va dasturiy taʼminot muhandisligiga qiziquvchi 25-35 yoshli ayollar biror reklamani koʻrgani haqidagi maʼlumotni) taqdim etamiz. Agar oʻzingiz bizga tegishli ruxsatni bermasangiz, biz bevosita shaxsingizni aniqlaydigan maʼlumotlarni (masalan, ismingiz yoki shaxsingizni aniqlaydigan yoxud sizga murojaat qilish uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan email manzilingizni) ulashmaymiz. Meta reklamalari qanday ishlashi haqida bu yerda batafsil bilib oling.
Biz sizga yuqorida tasvirlangan xizmatlarni koʻrsatish uchun shaxsiy maʼlumotlaringizni toʻplaymiz va ulardan foydalanamiz. Maʼlumotlaringizni qanday toʻplashimiz va ishlatishimiz haqida Maxfiylik siyosatida batafsil maʼlumot olishingiz mumkin. Siz qanday reklamalar va reklama beruvchilarni koʻrish, shuningdek, biz sizga qaysi reklamalarni koʻrsatishni aniqlash uchun qanday maʼlumot turlaridan foydalanishimizni oʻzingiz hal qilasiz. Batafsil.
3. Facebook va hamjamiyatimiz oldidagi majburiyatlaringiz
Biz bu xizmatlarni siz va boshqalarga oliy maqsadimizni amalga oshirish uchun taqdim etamiz. Buning evaziga, sizdan quyidagi majburiyatlarni zimmangizga olishingizni soʻraymiz:
3.1 Facebookdan kimlar foydalanishi mumkin
Fikrlar va harakatlar ortida haqiqiy odamlar borligini bilish bizga xavfsizroq va masʼuliyatli jamiyatni yaratishga yordam beradi. Shu sababli, quyidagilarni bajarishingiz lozim:
Hisobingiz uchun kundalik hayotda ishlatadigan haqiqiy ismingizni koʻrsatish.
Oʻzingiz haqingizda aniq va toʻgʻri maʼlumot taqdim etish.
Faqat bitta (oʻzingizga tegishli) hisob yaratish va undan shaxsiy maqsadlarda foydalanish.
Parolni ulashmaslik, boshqalarga Facebook hisobingizga kirish uchun ruxsat bermaslik yoki hisobingizni boshqaga oʻtkazmaslik (bizning ruxsatimizsiz).
Biz barchaga Facebookdan foydalanish imkoniyatini taqdim etishga harakat qilamiz, lekin quyidagi holatlarda Facebookdan foydalana olmaysiz:
13 yoshdan kichik boʻlsangiz.
Jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarda aybdor deb topilgan boʻlsangiz.
Ilgari Shartlarimiz, Hamjamiyat qoidalarini yoki Facebookdan foydalanishingizga tatbiq etiladigan boshqa shartlar va qoidalarni buzganlik uchun hisobingizni faolsizlantirgan boʻlsak. Agar Shartlar, Hamjamiyat qoidalari yoki boshqa shartlar va qoidalarni buzganlik uchun hisobingizni faolsizlantirsak, siz ruxsatimizsiz boshqa bir hisob yaratmaslikka rozilik berasiz. Yangi hisobni yaratish ruxsati bizning ixtiyorimiz asosida beriladi va bunday ruxsatni berish koʻrilgan intizomiy choraning xato yoki asossiz ekanini anglatmaydi yoki bunga ishora qilmaydi.
Amaldagi qonunlarga koʻra, bizning mahsulot, xizmat yoki dasturlarimizni qabul qilishingiz taqiqlangan boʻlsa.
3.2 Meta mahsulotlarida nima ulashish va bajarish mumkin
Biz Meta mahsulotlaridan foydalanuvchi insonlar oʻzini erkin ifoda etishi va oʻzlari uchun muhim kontentni ulashishi xohlaymiz, lekin bu boshqalarning xavfsizligi va farovonligi yoki hamjamiyatimiz yaxlitligiga xavf solmasligi lozim. Shu sababli, siz quyida tasvirlangan xatti-harakatlarni sodir etmaslikka (yoki boshqalarning ularni sodir etishiga yordam bermaslik yoki dastaklamaslikka) rozilik bildirasiz:
Quyidagi xususiyatlarga ega harakatlarni bajarish yoki ulashishingiz mumkin emas:
Noqonuniy, adashtiruvchi, kamsituvchi yoki firibgarlik xususiyatiga ega (yoki shu tarzda Mahsulotlarimizdan foydalanuvchi boshqa biror kishiga yordam beruvchi).
Siz egalik qilmaydigan yoki ulashish uchun talab etiladigan huquqlarga ega boʻlmagan.
Boshqalarning huquqlari, jumladan, ularning intellektual mulk huquqi buzuvchi (masalan, boshqaning mualliflik huquqi yoki savdo belgisini buzish yoki qalbaki yoki qaroqchi mahsulotlarni tarqatish yoki sotish orqali), amaldagi qonunlarga muvofiq, istisno yoki cheklov tatbiq etiladigan hollar bundan mustasno.
Virus yoki zararli kodlar yuklash, xizmatlardan spam yuborish uchun foydalanish yoxud xizmat, tizim yoki Mahsulotlarimizning munosib tarzda ishlashi, yaxlitligi, faoliyati yoki koʻrinishini buzishi, ularga xalaqit berishi, ortiqcha yuklama yuklashi yoki ularni faolsizlantirishi mumkin boʻlgan boshqa harakatlarni bajarishingiz taqiqlanadi.
Siz bizning Mahsulotlarimizdan avtomatlashtirilgan vositalar yordamida (bizning oldindan ruxsatimizsiz) maʼlumot olish yoki yig‘ish, yoki ruxsat berilmagan maʼlumotlarga kirishga urinish qilishingiz mumkin emas, hatto bunday avtomatlashtirilgan kirish yoki yig‘ish Facebook hisobiga kirganingizda amalga oshirilsa ham.
Proksi ishlatish, Mahsulotdagi foydalanuvchi nomlari yoki parollarini soʻrash yoki toʻplash yoki tokenlarni noqonuniy oʻzlashtirish mumkin emas.
Platforma shartlarida ko‘rsatilgan holatlardan tashqari, siz bizdan yoki bizning xizmatlarimizdan olingan har qanday maʼlumotni, Facebook hisobiga kirganingizda olingan bo‘lsa ham, sotishingiz, litsenziyalashingiz yoki sotib olishingiz mumkin emas.
Shikoyat qilish, xabar berish, nizo yoki shikoyat kanallaridan nomaqbul tarzda foydalanish (masalan, firibgarlik xususiyatiga ega, takroriy yoki asossiz shikoyat yoki xabarlar) mumkin emas.
Siz Meta tomonidan Mahsulotlarimiz yoki maʼlumotlarga kirishni boshqarish yoki cheklash uchun ishlatiladigan har qanday texnologik choralarni chetlab o‘tishga, o‘tkazib yuborishga yoki o‘zgartirishga urinish qilishingiz yoki bunday harakatlarni amalga oshirishingiz mumkin emas.
Biz ushbu qoidalarga zid kontentni olib tashlashimiz yoki unga kirish imkoniyatini cheklashimiz mumkin. Shuningdek, 4.2-boʻlimda tasvirlangani kabi, ushbu qoidalarni buzuvchi xatti-harakat uchun hisobingizni vaqtinchalik bloklash yoki faolsizlantirishimiz mumkin.
Agar siz ulashgan kontentni Hamjamiyat qoidalarini, buzganlik uchun olib tashlasak yoki bloklasak, bu haqida sizga xabar beramiz va qarorni qayta koʻrib chiqishni qanday talab qilishingiz mumkinligini tushuntiramiz. Quyidagi hollarda qaror qayta koʻrib chiqilmaydi: siz ushbu Shartlarni jiddiy yoki takroriy ravishda buzsangiz yoxud hisobni tiklash biz yoki boshqalarning huquqiy javobgarligiga sabab boʻlishi mumkin boʻlsa, foydalanuvchilarimiz hamjamiyatiga zarar yetkazsa, biror xizmat, tizim yoki Mahsulotimizning yaxlitligi yoki ishlashiga xalaqit bersa yoki ularni xavf ostida qoʻysa, shuningdek, bu texnik jihatdan imkonsiz boʻlsa yoki qonun bilan taqiqlangan boʻlsa. Hisobni vaqtinchalik bloklash yoki tugatish haqida batafsil maʼlumot olish uchun quyidagi 4.2-boʻlimga qarang.
Biz yolgʻon axborotga qarshi kurashish uchun ko‘plab yurisdiksiyalarda mustaqil fakt tekshiruvchilar bilan ishlaymiz. Kontent fakt tekshiruvchilar tomonidan baholanganida, qo‘shimcha kontekstni taqdim etish uchun eslatma qoʻshishimiz mumkin. Faktlarni tekshirish haqida bu yerda batafsil axborot olishingiz mumkin.
Hamjamiyatimizni dastaklash uchun, siz huquqlaringizni (jumladan, intellektual mulk huquqlarini) yoki bizning shartlar va siyosatlarimizni buzadi deb hisoblaydigan kontent yoki xatti-harakat haqida shikoyat qilishga chaqiramiz (agar yurisdiksiyangizda bu xususiyat mavjud boʻlsa). Shuningdek, agar xizmatlarimizdan nomaqbul tarzda foydalanish holatining yoki Metaʼga nisbatan salbiy huquqiy yoki maʼmuriy taʼsirlarning oldini olish yoki kamaytirish uchun oqilona tarzda zarur deb hisoblasak, kontent, xususiyatlar, xizmatlar yoki axborotga kirish imkoniyatidan mahrum qilishimiz yoki bu imkoniyatni cheklashimiz mumkin.
3.3 Siz bizga beradigan ruxsatlar
Xizmatlarimizni taqdim etish uchun bizga muayyan ruxsatlarni berishingiz kerak:
1. Sizning kontentingiz: Siz ulashadigan yoki yuklaydigan kontentning ayrim turlari, masalan, suratlar yoki videolar intellektual mulk huquqiga oid qonunlar bilan himoya qilinishi mumkin.
Facebook va siz ishlatadigan boshqa Meta kompaniyasi mahsulotlarida oʻzingiz yaratgan yoki ulashgan har qanday bunday kontentga nisbatan intellektual mulk huquqlariga (masalan, mualliflik huquqi yoki savdo belgilariga boʻlgan huquq) egalik qilish huquqini oʻzingizda saqlab qolasiz. Bu Shartlardagi hech bir qoida sizni oʻz kontentgizga boʻlgan huquqlaringizdan mahrum qilmaydi. Kontentingizni istalgan vaqtda va istagan kishingizga ulashishingiz mumkin.
Biroq, xizmatlarimizni taqdim etish uchun bu kontentdan foydalanish maqsadida bizga ayrim qonuniy ruxsatlarni (“litsenziya” deb ataladi) berishingiz kerak. Bundan maqsad faqatgina, 1-boʻlimda tasvirlanganidek, Mahsulotlar va xizmatlarimizni taqdim etish hamda yaxshilashdir.
2. Siz yaratgan va ulashgan kontentdan foydalanishga ruxsat: Xususan, intellektual mulk huquqi obyekti boʻlgan biror kontentni Mahsulotlarlarimizda yoki ular bilan bogʻliq holda ulashsangiz, joylasangiz yoki yuklasangiz, siz bizga bu kontentni saqlash, ishlatish, tarqatish, oʻzgartirish, ishga tushirish, ommaviy ijro etish yoki namoyish qilish, tarjima qilish, undan nusxa olish va u asosida hosila ishlarni yaratish uchun bizga nomutlaq, boshqaga oʻtkaziladigan, qoʻshimcha litsenziya berish mumkin boʻlgan, royaltidan xoli va butun dunyoda amal qiluvchi litsenziyani taqdim etasiz (maxfiylik va ilova sozlamalaringizga muvofiq). Bu shuni anglatadiki, agar Facebookda biror suratni ulashsangiz, siz bizga uni saqlash, undan nusxa olish va uni boshqalarga, masalan, Meta mahsulotlari va xizmatlarini dastaklovchi taʼminotchilarga ulashish uchun ruxsat berasiz (yana sozlamalaringizga muvofiq tarzda). Bu litsenziya muddati kontentingiz tizimimizdan oʻchirilganida tugaydi.
3. Kontentingizni o‘chirish: Siz oʻzingiz ulashgan, joylagan va yuklagan alohida kontentni istalgan vaqtda oʻchirishingiz mumkin. Bundan tashqari, agar hisobingizni oʻchirsangiz, shaxsiy profilingizga joylangan barcha kontent ham oʻchiriladi. Hisobingiz qanday oʻchirish haqida batafsil. Hisobni oʻchirsangiz, siz biror sahifaning administratori sifatida joylagan kontent yoki siz boshqa foydalanuvchilar bilan birgalikda yaratgan kontent (masalan, umumiy albomlardagi rasmlar, albomning boshqa aʼzolari bu rasmlarni koʻrishda davom etishi mumkin) avtomatik tarzda oʻchib ketmaydi.
Kontentni oʻchirish biz hisobni oʻchirish jarayonini boshlagandan yoki kontentni oʻchirish soʻrovini olganimizdan keyin 90 kungacha vaqt ketishi mumkin. Agar kontentni chiqitdonga yuborsangiz va uni ertaroq oʻchirmasangiz, oʻchirish jarayoni 30 kundan keyin avtomatik tarzda boshlanadi. Bunday kontentni oʻchirish jarayoni davom etayotganda ushbu kontent boshqa foydalanuvchilarga koʻrinmaydi. Kontent oʻchirilganidan keyin, uni zaxira va falokatda tiklash tizimlaridan olib tashlash 90 kungacha vaqt olishi mumkin.
Quyidagi holatlarda hisobni oʻchirish yoki kontentni oʻchirish jarayoni boshlangan vaqtdan boshlab 90 kun ichida kontent oʻchirilmaydi:
boshqa odamlar kontentingizdan bu litsenziya asosida foydalangan va hali uni oʻchirmagan boʻlsa (bu holatda to oʻsha kontent oʻchirilgunicha ushbu litsenziya amal qilishda davom etadi);
tizimlarimizning texnik cheklovlari sababli 90 kun ichida oʻchirish imkonsiz boʻlsa, bunda texnik jihatdan bajarish mumkin boʻlishi bilan oʻchirish jarayonini yakunlaymiz; yoki
darhol oʻchirish quyidagilarni amalga oshirish imkoniyatimizni cheklasa:
noqonuniy xatti-harakat yoki shartlar va qoidalarimizga oid qoidabuzarliklarni tergov qilish yoki aniqlash (masalan, Mahsulotlar yoki tizimlarimizdan nomaqbul tarzda foydalanish holatini aniqlash yoki tergov qilish);
Mahsulotlar, tizimlar, xizmatlar, xodimlarimiz yoki foydalanuvchilarning xavfsizligi, yaxlitligi va himoyasini taʼminlash yoki oʻzimizni himoya qilish;
dalillarni, jumladan, moliyaviy mahsulotlar va xizmatlarni taqdim etuvchi Meta kompaniyalari hujjatlarni yuritish boʻyicha qonuniy majburiyatlarni bajarish uchun saqlaydigan maʼlumotlarni saqlashga oid qonuniy majburiyatlarga rioya qilish; yoki
sud yoki maʼmuriy organlar, huquqni muhofaza qilish organlari yoki hukumat agentligi talablariga rioya qilish;
bunday holatda kontent faqat saqlash maqsadi uchun zarur boʻlgan muddat davomida saqlanadi (saqlashning aniq muddati har bir aniq holatda qarab farq qiladi).
Yuqorida har bir holatda bu litsenziya to kontent toʻliq oʻchirilmaguncha amal qiladi.
4. Ismingiz, profil rasmingiz va harakatlaringiz haqidagi axborotdan reklamalar va tijoriy yoki reklama kontenti bilan foydalanish uchun ruxsat: Siz bizga ismingiz, profil rasmingiz va Facebookdagi harakatlaringiz haqidagi axborotdan biz Mahsulotlarimizda namoyish qiladigan reklamalar, takliflar va boshqa tijoriy va reklama kontentni bilan bogʻliq holda yoki ularning yonida sizga hech qanday kompensatsiya toʻlamasdan foydalanishga ruxsat berasiz. Masalan, Facebookda reklamasini namoyish qilishimiz uchun bizga haq toʻlagan biror brendning Facebook sahifasini yoqtirganingiz yoki reklama qilingan tadbirga qiziqish bildirganingiz haqida axborotni doʻstlaringizga koʻrsatishimiz mumkin. Reklamalar va bu kabi kontentni siz Meta mahsulotlarida bajargan harakatlaringizni koʻrishiga ruxsat bergan odamlargina koʻra oladi. Reklama sozlamalari va parametrlar haqida batafsil.
5. Siz ishlatadigan yoki yuklab olgan dasturni yangilash uchun ruxsat: Agar dasturimizni ishlatsangiz yoki yuklab olsangiz, bizga yangilanishlar mavjud boʻlganda ularni yuklab olish va ushbu dasturga oʻrnatish uchun ruxsat berasiz.
3.4 Intellektual mulkimizdan foydalanishga oid cheklovlar
Agar bizga tegishli intellektual mulk huquqi obyekti boʻlgan va biz Mahsulotlarimizda sizga taqdim etilgan kontentdan (masalan, Facebookda kontent yaratish yoki ulashishda unga biz taqdim etgan rasmlar, dizaynlar, videolar yoki tovushlarni qoʻshishingiz mumkin) foydalansangiz, bunday kontentga nisbatan (sizning kontentingizga nisbatan emas) barcha huquqlarni oʻzimizda saqlab qolamiz. Mualliflik huquqlarimiz yoki savdo belgilarimizdan (yoki oʻxshash belgilarimizdan) faqatgina faqat Brenddan foydalanish qoidalarda ochiq-oydin ruxsat etilgan hollarda yoki oldindan olingan yozma ruxsatimiz asosida foydalanishingiz mumkin. Mahsulotlarimiz yoki ularning tarkibiy qismlarini oʻzgartirish, oʻtkazish, ular asosida hosila ishlarni yaratish, dekompilyatsiya qilish yoki teskari muhandislik qilish yoxud boshqacha shaklda bizdan manba kodini olishga urinishdan avval bizning yozma ruxsatimizni (yoki ochiq manbali litsenziya asosidagi ruxsatni) olishingiz lozim, amaldagi qonunlarda nazarda tutilgan istisno va cheklovlar yoki Meta xatoliklarini topganlik uchun mukofot dasturi bilan bogʻliq harakatlaringiz bundan mustasno. Biz sizga ochiq-oydin taqdim etilmagan barcha huquqlarni oʻzimizda saqlab qolamiz.
4. Qoʻshimcha qoidalar
4.1 Shartlarimizni yangilash
Biz Mahsulotlar sifatini yaxshilash maqsadida xizmatlarimizni takomillashtirish va yangi xususiyatlarni ishlab chiqish ustida muntazam ravishda ishlaymiz. Buning natijasida, Mahsulot va xizmatlarimizda xavfsiz hamda himoyalangan tajribani taʼminlash va/yoki amaldagi qonunlarga rioya qilish maqsadida xizmat va amaliyotlarimizni toʻgʻri aks ettirish uchun vaqti-vaqti bilan bu Shartlarni yangilashimiz kerak boʻlishi mumkin. Biz oʻzgartirishlarni faqat qoidalar ortiq mos boʻlmasa yoki ular toʻliq boʻlmasa yoxud faqat bunday oʻzgartirishlar asosli va sizning manfaatlaringizni tegishli tarzda hisobga olsa yoki bu oʻzgartirishlar xavfsizlik va himoya maqsadlarida yoki amaldagi qonunlarga rioya qilish uchun talab etilsa, kiritamiz.
Biz bu Shartlarga oʻzgartirish kiritishdan kamida 30 kun avval sizni ogohlantiramiz (masalan, email yoki Mahsulotlarimiz orqali) va sizga ular kuchga kirishidan oldin ularni koʻrib chiqish imkonini beramiz, oʻzgartirishlar qonun bilan talab qilinadigan hollar bundan mustasno. Agar yangilangan Shartlar kuchga kirganidan keyin Mahsulotlarimizdan foydalanishda davom etsangiz, ushbu yangi Shartlarga rioya qilish majburiyatini zimmangizga olasiz.
Mahsulotlarimizdan foydalanishda davom etishingizga umid qilamiz, lekin agar yangilangan Shartlarimizga rozi bo‘lmasangiz yoki ushbu shartnomaga roziligingizni bekor qilishni xohlasangiz, istalgan payt hisobingizni o‘chirib tashlashingiz mumkin hamda Facebook va boshqa Meta mahsulotlariga kirishni yoki ulardan foydalanishni ham to‘xtatishingiz kerak.
4.2 Hisobni toʻxtatib qoʻyish yoki bekor qilish
Biz odamlar Facebookda oʻzlarini xavfsiz his qilishi, erkin tarzda oʻzlarini ifoda etishi hamda fikr va gʻoyalarini baham koʻrishini xohlaymiz.
Agar biz shartlar yoki siyosatlarimiz, jumladan, Hamjamiyat qoidalarini aniq, jiddiy yoki takroriy ravishda buzganingizni aniqlasak, Meta kompaniyalari mahsulotlariga kirish imkoniyatingizni vaqtinchalik bloklashimiz yoki butunlay faolsizlantirishimiz, shuningdek, hisobingizni butunlay faolsizlantirishimiz yoki oʻchirib tashlashimiz mumkin. Bundan tashqari, agar hisobingiz boshqalarning intellektual mulk huquqlarini qayta-qayta buzsa yoki qonunda talab etilgan boʻlsa, hisobingizni faolsizlantirish yoki oʻchirishimiz mumkin.
Agar registratsiya qilinganidan keyin hisobingiz tasdiqlanmagan, ishlatilmayotgan yoki uzoq vaqt davomida faol boʻlmagan boʻlsa yoki kimdir sizning ruxsatingizsiz undan foydalangan boʻlishi mumkinligini aniqlasak va siz bunday hisobga egalik qilishingizni tasdiqlay olmasak, hisobingizni faolsizlantirish yoki oʻchirishimiz mumkin. Hisoblarni qanday faolsizlantirish va oʻchirishimiz haqida batafsil.
Agar bunday choralarni koʻrsak, bu haqida sizga xabar beramiz va qarorni qayta koʻrib chiqishni qanday talab qilishingiz mumkinligini tushuntiramiz. Quyidagi hollarda qaror qayta koʻrib chiqilmaydi: hisobni tiklash biz yoki boshqalarning huquqiy javobgarligiga sabab boʻlishi mumkin boʻlsa, foydalanuvchilarimiz hamjamiyatiga zarar yetkazsa, biror xizmat, tizim yoki Mahsulotimizning yaxlitligi yoki ishlashiga xalaqit bersa yoki ularni xavf ostida qoʻysa, shuningdek, bu texnik jihatdan imkonsiz boʻlsa yoki qonun bilan taqiqlangan boʻlsa.
Hisobingiz faolsizlantirilsa, nima qilishingiz mumkinligi, shuningdek, hisobingiz xato tufayli faolsizlantirildi deb hisoblasangiz, bizga qanday murojaat qilish haqida bu yerda batafsil maʼlumot oling.
Agar hisobingizni o‘chirib tashlasangiz yoki biz hisobingizni faolsizlantirsak yoki o‘chirib qo‘ysak hamda Facebook va boshqa Meta mahsulotlariga kirish, ulardan foydalanish yoki ularga tashrif buyurishni to‘xtatsangiz yoki ushbu shartnoma boshqacha tarzda bekor qilinsa, u holda ushbu Shartlar siz va bizning o‘rtamizdagi kelishuv sifatida bekor qilinadi, quyidagi qoidalar bundan mustasno, ular o‘z kuchida qoladi: (3, 4.2-4.5).
4.3 Javobgarlik cheklovlari
Biz imkon qadar eng yaxshi Mahsulotlarni taqdim etish va ulardan foydalanuvchi barcha uchun aniq koʻrsatmalarni belgilash ustida qattiq ishlaymiz. Biroq Mahsulotlarimiz, qonunchilikda ruxsat etilgan darajada, “boricha” tamoyili asosida taqdim etiladi va biz ularning har doim xavfsiz, himoyalangan, xatolardan xoli boʻlishi yoki uzilish, kechikish yoki nuqsonlarsiz ishlashiga hech qanday kafolat bermaymiz. Shuningdek, qonun tomonidan ruxsat etilgan darajada, biz IFODALANGAN YOKI NAZARDA TUTILGAN BOʻLSA HAM BARCHA KAFOLATLARNI, JUMLADAN, SOTISHGA YAROQLILIK, MUAYYAN MAQSADGA MOSLIK, MULK HUQUQI VA HUQUQBUZARLIKKA YO‘L QO‘YMASLIK KAFOLATLARINI RAD ETAMIZ. Biz odamlar va boshqalarning harakatlari yoki soʻzlarini nazorat qilmaymiz yoki boshqarmaymiz, shuningdek, ularning harakatlari yoki xulqi (onlayn yoki oflayn ekanidan qatʼi nazar) yoki ulash ulashadigan hech bir kontent (jumladan, haqoratomuz, nomaqbul, odobsiz, noqonuniy va boshqa eʼtirozli kontent) uchun javobgarlikni zimmamizga olmaymiz.
Biz qachon Mahsulotlarimiz bilan bogʻliq muammolar yuz berishi mumkinligini bashorat qila olmaymiz. Mos ravoshda, bizning javobgarligimiz amaldagi qonunchilikda ruxsat etilgan maksimal darajada cheklanadi. Amaldagi qonunchilikda ruxsat etilgan maksimal darajada, biz bu Shartlar yoki Meta mahsulotlariga aloqador yoki ulardan kelib chiqadigan natijaviy, maxsus, bilvosita, namunaviy, jarimaviy yoki tasodifiy zararlar, yoʻqotilgan foyda, daromad, axborot yoki maʼlumot (biror javobgarlik nazariyasi, jumladan, beparvolik sababli yoki oqibatida yuzaga kelishidan qatʼi nazar) uchun oldingizga javobgar boʻlmaymiz, hatto bu kabi zararlar ehtimolidan ogohlantirilgan boʻlsak ham.
4.4 Nizolar
Oʻrtamizdagi nizolarni cheklash yoki ularning oldini olish maqsadida aniq qoidalarni taqdim etishga harakat qilamiz. Biroq, agar biror nizo yuzaga keladigan boʻlsa, uni qayerda va qanday qonunlar asosida hal qilish mumkinligini oldindan bilib qoʻyish foydali boʻladi.
Agar siz isteʼmolchi boʻlsangiz yoki amaldagi qonunchilikda talab etilgan boʻlsa, siz bizga qarshi kiritadigan ushbu Shartlar yoki Meta mahsulotlariga aloqador yoki ulardan kelib chiqadigan har qanday daʼvo, daʼvo asosi yoki nizoga siz yashaydigan mamlakat qonunlari tatbiq etiladi va siz bunday daʼvoni shu mamlakatda joylashgan bunday daʼvo boʻyicha tegishli yurisdiksiyaga ega vakolatli sudda hal qilishingiz mumkin. Boshqa barcha holatlarda va Meta sizga qarshi kirituvchi har qanday daʼvo, daʼvo asosi yoki nizo uchun siz va biz bunday daʼvo, daʼvo asosi yoki shikoyat faqat Kaliforniya Shimoliy okrugi uchun AQSH okrug sudi yoki San-Mateo okrugida joylashgan shtat sudida koʻrib chiqilishi hamda hal qilinishi lozimligiga rozilik bildiramiz. Bundan tashqari, siz har qanday bunday daʼvoni koʻrib chiqish uchun bu sudlardan birining shaxsiy yurisdiksiyasiga boʻysunishga, shuningdek, ushbu Shartlar va har qanday daʼvo, daʼvo sababi yoki nizolar, qonunchilikdagi ziddiyatidan qatʼi nazar, Kaliforniya shtati qonunlari bilan tartibga solinishiga rozilik bildirasiz. Yuqorida aytilganlarga zarar yetkazmagan holda, siz Meta, oʻz ixtiyoriga koʻra, sizga qarshi har qanday daʼvo, daʼvo sababi yoki nizoni siz yashaydigan mamlakatdagi shu daʼvo ustidan yurisdiksiyaga ega boʻlgan har qanday vakolatli sudga kiritishi mumkinligiga rozilik bildirasiz.
4.5 Boshqa qoidalar
Qo‘shimcha shartlar: Biz taklif qiladigan Mahsulotlarning ayrimlari qoʻshimcha shartlar bilan ham tartibga solinadi. Agar bunday Mahsulotlarning birortasidan foydalansangiz, qoʻshimcha shartlar sizga taqdim etiladi va siz bilan kelishuvimizning bir qismiga aylanadi. Masalan, agar reklamalarni sotib olish, mahsulotlarni sotish, ilovalar ishlab chiqish, kompaniyangiz uchun guruh yoki sahifani boshqarish kabi tijoriy yoki biznes maqsadlarda Mahsulotlarimizga kirsangiz yoki ulardan foydalansangiz yoxud baholash xizmatlarimizdan foydalansangiz, Tijoriy shartlarga rozilik bildirishingiz lozim. Agar musiqani ichiga olgan post yoki kontent ulashsangiz, Musiqaga oid qoidalarga rioya qilishingiz lozim. Agar Avatarlardan foydalansangiz, Avatar shartlari ham amal qiladi. Agar bizning AI mahsulot va funksiyalarimizdan foydalansangiz, Meta AI shartlari ham amal qiladi. Qoʻshimcha shartlar va ushbu Shartlar orasida ziddiyat yuzaga kelmasa, ziddiyat yuzaga kelgan masala qoʻshimcha shartlar bilan tartibga solinadi.
Avtonomlik: Agar bu Shartlarning biror qismi ijro etib boʻlmaydigan deb topilsa, bunday qism uni ijro etib boʻlmaydigan deb hisoblash uchun zarur boʻlgan minimal darajada oʻzgartirilgan deb hisoblanadi, agar buning imkoni boʻlmasa, u Shartlardan chiqarib tashlanadi va qolgan shartlar oʻzgarishsiz toʻliq oʻz kuchida qoladi. Agar ushbu Shartlardan birortasini bajarmasak, bu shartdan voz kechish deb hisoblanmaydi. Bu Shartlarga har qanday oʻzgartirish yoki ulardan voz kechish yozma shaklda va bizning imzomiz bilan amalga oshirilishi lozim.
O‘tkazish taqiqlanadi: Siz bu Shartlar asosidagi hech bir huquq yoki majburiyatingizni bizning roziligimizsiz boshqa shaxsga oʻtkazmaysiz.
Vorislik: Agar hisobingiz xotira holatiga oʻtkazilsa, uni boshqarish uchun biror shaxsni (voris deb ataladi) tayinlashingiz mumkin. Agar sozlamalardan bu xususiyatni yoqsangiz, faqat voris yoki siz vasiyatnoma yoki shunga oʻxshash boshqa huquqiy hujjatda koʻrsatgan shaxs (bu shaxsga oʻlim yoki layoqatsizlik holatida kontentingizni oshkor qilishga roziligingiz aniq ifoda etilgan boʻlishi lozim) hisobingiz xotira holatiga oʻtkazilganidan keyin undagi maʼlumotlarni cheklangan tarzda oshkor qilishni talab qilish huquqiga ega boʻladi.
Uchinchi tomon benefitsiarlari uchun shartlar: Ushbu shartlar uchinchi tomon benefitsiariga hech qanday huquq bermaydi. Bu Shartlar asosidagi barcha huquq va majburiyatlarimizni, qoʻshib yuborish, sotib olish, aktivlar savdosi orqali yoki biror qonun talabi yoki boshqacha shaklda boshqa shaxsga erkin tarzda oʻtkazishimiz mumkin.
Foydalanuvchi nomining oʻzgarishi: Muayyan holatlarda hisobingizning foydalanuvchi nomini oʻzgartirishimiz mumkin (masalan, bu foydalanuvchi nomini boshqa birov daʼvo qilsa va u sizning kundalik hayotda ishlatiladigan ismingizga aloqador boʻlmasa).
Fikr-mulohaza: Biz mahsulot va xizmatlarimiz haqidagi fikr-mulohaza va boshqa takliflaringizni har doim qadrlaymiz. Biroq, biz sizning fikr-mulohazalaringiz va boshqa takliflaringizdan hech qanday cheklovlarsiz yoki kompensatsiya toʻlash majburiyatlarisiz foydalanishimiz mumkin va biz ularni sir saqlashga majbur emasmiz.
5. Sizga tatbiq etilishi mumkin boʻlgan boshqa shartlar va qoidalar
Hamjamiyat qoidalari. Bu qoʻllanmada siz Facebookka joylaydigan kontent hamda Facebook va boshqa Meta mahsulotlaridagi harakatlaringizga oid qoidalar bayon etilgan.
Tijoriy shartlar. Agar siz biror tijoriy yoki biznes maqsadida, jumladan, Platformamizda reklama qilish, biror ilovani yuritish, baholash xizmatlarimizdan foydalanish, biror kompaniya uchun guruh yoki sahifani boshqarish, mahsulotlar yoki xizmatlarni sotish maqsadida Mahsulotlarimizga kirsangiz yoki ulardan foydalansangiz, ushbu shartlar tatbiq etiladi.
Tijorat yuritish qoidalari. Bu qoʻllanmada Facebook, Instagram va WhatsAppda sotish uchun mahsulot va xizmatlarni taklif qilganingizda tatbiq etiladigan qoidalar bayon etilgan.
Musiqaga oid qoidalar. Bu qoʻllanmada Meta mahsulotlariga tarkibida musiqa mavjud kontentni joylasangiz yoki ulashganingizda tatbiq etiladigan qoidalar bayon etilgan.
Reklama faoliyatiga oid qoidalar. Bu qoidalar Meta mahsulotlarida reklama qiluvchi hamkorlarga tatbiq etiladi hamda Meta mahsulotlarida reklama qiluvchi hamkorlar uchun reklama kontentining qanday turlaridan foydalanish ruxsat etilganini belgilaydi.
Reklamani mustaqil boshqarish shartlari. Bu shartlar reklama yoki boshqa tijoriy yoki reklama harakati yoki kontentini yaratish, uzatish yoki namoyish qilish uchun reklamani mustaqil boshqarish interfeyslarini ishlatganingizda tatbiq etiladi.
Facebook Sahifalar, Guruhlar va Tadbirlarga oid siyosat. Agar siz biror Facebook sahifasi, guruhi yoki tadbirini yaratsangiz yoki ularga administratorlik qilsangiz yoxud biror tanituvni eʼlon qilish yoki boshqarish uchun Facebookdan foydalansangiz, ushbu qoidalar tatbiq etiladi.
Meta platformasidan foydalanish siyosat. Bu qoidalar boshqalarga funksiyalarni ishlab chiqish, Meta mahsulotlaridan maʼlumot olish yoki bizga maʼlumot taqdim etish imkonini beruvchi API, SDK, vositalar, plaginlar, kod, texnologiya, kontent va xizmatlar majmuasidan foydalanish jarayoniga tatbiq etiladi.
Jonli efirga oid qoidalar. Bu qoidalar Facebook Live yordamida translatsiya qilinuvchi barcha kontentga tatbiq etiladi.
Avatar shartlari: Bu shartlar Avatarlarimiz va Avatar funksiyalarimizdan foydalanishga, jumladan, Avatar do‘konida Avatar kiyimlarini xarid qilish va sotib olishga nisbatan tatbiq etiladi.
Meta AI shartlari: Bu shartlar Generativ AI mahsulot va funksiyalarimizdan foydalanishni tartibga soladi.